2024 yil 3-4 iyun kunlari Samarqand shahrida Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligi/BMZ tomonidan moliyalashtirilgan "Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish” loyihasi doirasida "Katta yoshdagilarni raqamli texnologiyalar va yashil iqtisodiyotiga o‘qitish" mavzusidagi trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tashkilotchilari - "SABR" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamda Nemis Xalq universitetlari Assotsiasiyasi (DVV) O‘zbekistondagi filiali bilan birgalikda.
Asosiy maqsad - maqsadli guruhning hayot sifatini yaxshilash uchun ishtirokchilarning raqamli texnologiyalar va yashil iqtisodiyotdan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli texnologiyalar va resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, turli sohalarda qo‘llab-quvvatlash vositalari bilan tanishtirish. Shuningdek, kichik biznesni yuritish uchun texnologik yechimlarni joriy etish va keyinchalik ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash.
Tadbirda loyiha hamkorlari - "SABR" RIIRM Andijon filiali, “Tadbirkor ayol” - xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Buxoro filiali, Sirdaryo viloyati "Yangi O‘zbekiston ishbilarmonlari" nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, mahalliy hokimliklar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Qishloq ayollari va yoshlari uchun norasmiy ta’limning dolzarbligi ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va o‘z-o‘zini bandligini ta’minlash uchun zamonaviy raqamli texnologiyalar bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish istagi bilan izohlanadi.
Ushbu loyiha tadbirkor ayollarga zamonaviy texnologiyalarni o‘z biznes modellariga muvaffaqiyatli integratsiyalash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, shu orqali ularning iqtisodiy o‘sishi va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
