2025 yilning 1–5 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” bo‘lib o‘tdi.
Haftalik doirasida “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi” natijalari va “2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi” loyihasi muhokamasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbarligi bilan uchrashuvlar, Adliya vazirligi rahbarligi bilan muloqotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumi, xalqaro konferensiya, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini moliyalashtirish maqsadida “Maqsadli loyihalar” aksiyasi kabi tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida muhim islohotlar amalga oshirilayotgani, fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
An’anaviy “Fuqarolik jamiyati haftaligi” davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda. Tadbirda M.R. Shirinova «NNTlar orqali ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirish va ularning yechim yo‘llari» mavzusida ma’ruza qildi.
Haftalikning so‘nggi kunida “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti va “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.Fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida Parlament a’zolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan keng qamrovli haftalik haqiqiy muloqot maydoni bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ta’sis etilgan.
Joriy yilda ilk marotaba o‘tkazilayotgan milliy mukofotga, so‘nggi ikki yilda faollik va tashabbus ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi:
- fuqarolarning huquq va erkinliklari faoli;
- yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash faoli;
- tashabbuskor ekologiya faoli;
- ijtimoiy himoya faoli;
- xotin-qizlar bo‘yicha ijtimoiy faoli.
Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan respublika va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi ham haftalik doirasidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
«Fuqarolik jamiyati haftaligi» doirasida 2025-yil 5-dekabr kuni o‘tkazilgan «Fuqarolik tashabbusi» Milliy mukofotini topshirish tantanali marosimida «SABR» RIIRM direktori Shirinova Mavlyudaxon Rasulovna «Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi jamoat faoli» nominatsiyasi g‘olibi deb e’tirof etildi.
